Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Boysun tumani hokimligi
MEROS HUQUQI

Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudlarida oxirgi yillarda me’ros bilan bog‘liq nizolar ko‘paymoqda. Meros bilan bog‘liq nizolarning asosiy  yomon tarafi bu yaqin qarindoshlarning mol-mulklarni talashishidir. Ko‘p holatlarda bir ota-onadan tug‘ilgan aka-uka, opa-singillar mulk talashishlari oqibatida “yuz ko‘rmas” bo‘lib, ochiqdan-ochiq dushmanga aylanishadi. Ayrim hollarda meros bilan bog‘liq nizolar yillar davomida davom etishi oqibatida merosxo‘rlar qimmatli vaqt va sog‘liqlarini yo‘qotishganini kech anglab yetishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida, meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi qayd etilgan. Haqiqatdan ham qonunchiligimizda meros huquqini vujudga keltiruvchi turli mulk shakllari va mulkdorlar manfaati himoyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli. Mulkdor mulkiga o‘z hoxishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.

Qonunchilikka muvofiq, meros huquqi – mulkka nisbatan vorislikdir, vorislikning esa vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 1112-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan.

Meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksida vorislik haqida aloxida bo‘lim ajratilgan bo‘lib, unda meros tarkibining barcha jixatlari qamrab olingan va merosga egalik qilishga oid barcha zarur me’yorlar mavjud.

Shu o‘rinda mustaqillik yillarida meros tushunchasi kengayganini aytib o‘tish joiz. Ayniqsa hayotimizga xususiylashtirishning kirib kelishi bunga keng yo‘l ochib berdi. Avvallari uy-joy fondining asosiy qismi davlatga tegishli bo‘lgan. Hozirda bunga deyyarli barxam berilgan bo‘lib, uy-joylar fuqarolarning xususiy mulki hisoblanadi hamda vaqti kelib farzandlariga meros sifatida o‘tadi. Qonunlarda yaxshi xabardor fuqarolar o‘zlaridan keyin farzandlari orasida turli nizo yoki kelishmovchiliklar kelib chiqishining oldini olish maqsadida vasiyat qoldirishga harakat qilishadi. Bu esa yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ayrim muammolarga o‘z vaqtida barham beradi. Vasiyat fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqni vafot etgan taqdirida tasarruf etish xususidagi hoxish-irodasi hisoblanadi. Vasiyatnoma faqat shaxsan tuziladi, ya’ni uning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Vasiyatnoma faqat davlat notariuslari tomonidan tasdiqlangan taqdirdagina yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinganidan keyin ochiladi.

Meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning iltimosiga ko‘ra unga merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berishi shart.

Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi.

Qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin ham berilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi FKning 1135-moddasiga asosan Meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar.

Agarda vasiyatnoma mavjud bo‘lsa, meros shu vasiyatnomaga asosan taqsimlanadi. Ammo meros qoldiruvchining voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shuningdek, eri (xotini) va ota – onasi, shu jumladan uni farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qat’iy nazar, majburiy ulush oluvchi merosxo‘rlar hisoblanadi.Merosga majburiy ulush olish huquqiga ega merosxo‘r uchun vasiyatnomada belgilangan har qanday cheklashlar va shartlar unga tegadigan merosning majburiy ulushidan ortiqcha qismiga nisbatangina haqiqiydir.

Amaliyotda meros bilan bog‘liq nizolar, ayniqsa uy-joy bilan bog‘liqlari ko‘plab uchraydi. Tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, ko‘pchilik fuqarolarning o‘z mulkiga nisbatan egalik huquqini xatto rasmiylashtirmaganligini, ya’ni yer olib uy qurgan ammo uni hujjatlashtirmaganligini kuzatish mumkin. Mobodo bunday imoratlar belgilangan tartibga zid ravishda qurilgan bo‘lsa, xususiy mulk maqomini ololmaydi. Bunday holatda esa, uni meros sifatida qoldirib bo‘lmaydi.

Ayrim fuqarolarning soxaga oid qonunchilikdan yaxshi habardor emasligi ba’zan muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, ota vafot etib, undan uy-joy meros qoladi. Oradan yillar vaqt o‘tsa ham farzandlar bir – biridan andisha qilib, merosga oid huquqiy ishlarni amalga oshirmaydi. Vaqti kelib, uy-joyga oid hujjatlarni aka-ukalardan birortasi nomiga o‘tkazishmoqchi bo‘ladi. Ammo merosga nisbatan bir necha kishining, akalarning ham huquqi bor. Chunki ular meros ulushiga bo‘lgan huquqdan voz kechmagan.

Qonunchilikka muvofiq, merosxo‘r o‘zining vorislikka chaqirilganligini bilgan yoki bilish lozim bo‘lgan kundan boshlab hoxlagan vaqtda merosdan voz kechishga haqli. Merosdan voz kechish merosxo‘r tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1147-moddasiga binoan merosxo‘r merosdan voz kechgan bo‘lsa, unga qayta da’vogarlik qilolmaydi. Shu bois, fuqarolar muhim hayotiy masala hisoblangan mulk, meros huquqlariga befarq qaramay, bu boradagi huquq va majburiyatlaridan yaxshi habardor bo‘lsalar va ularga amal qilsalar kelgusida ushbu masalada muammoga uchramaydilar.

 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Boysun

tuman sudi raisi                                                                     L.M.Usarov 

Izoh qoldirish

  • Hozir saytda
  • 1 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • So‘rov o‘tkazish
  • Sayt haqida firingiz?
    A'lo
    100%
    Yaxshi
    87%
    Qoniqarli
    17%
    Qoniqarsiz
    15%
    Jami: 1212 ovoz berildi.