Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Boysun tumani hokimligi
Giyohvandlik - asr vabosi!

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-276-moddalarini o‘z ichiga olgan XIX bobi “Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar” deya nomlanib, buning uchun qat’iy jazo choralari belgilangan. Ammo jazo qanchalik og‘ir va muqarrar bo‘lmasin, o‘z qilmishining oqibatini o‘ylamagan ayrim insonlarning ko‘zi ochilishi qiyin. Eng achinarlisi, giyohvandlikka duchor bo‘lganlar va giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotganlar orasida ayollarning ham borligidir. Shu o‘rinda giyohvandlikning eng ayanchli oqibatlari farzandlar taqdiri bilan bog‘liq ekanligini alohida ta’kidlash lozim. Jahon hamjamiyati tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilayotganligini ham aytib o‘tish lozim. Masalan, BMT Bosh Assambleyasining  1987 yil 7 dekabrda qabul   qilgan rezolyusiyasiga  binoan 26 iyun Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni deya e’lon qilingan.

Yurtimizda ham narkotik moddalarni iste’mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ular prekursorlarining qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazini tashkil etish to‘g‘risida bitimni (Ostona, 2006 yil 24 iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarni majburiy davolash to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingan.

Biroq, qonunlar amalda o‘z ifodasini to‘laqonli topishi uchun yuqorida ta’kidlanganidek barcha birdek kurashishi, bu kabi ofatlar butun insoniyat kelajagiga xavf solishini chuqur anglash lozim. Mamlakatimizda o‘tgan yillar davomida sud-huquq sohasida hayotga tatbiq etilgan keng qamrovli islohotlar natijasida inson huquqlarini himoyalashning samarali mexanizmi shakllantirildi.

Ta’kidlash joizki, bunday keng ko‘lamli chora-tadbirlar samarasi  inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari eng oliy qadriyat ekani bugun jamiyatimiz har bir a’zosining haq-huquqlari, qonuniy manfaatlari ta’minlanayotganida o‘z ifodasini topmoqda.

Ammo oramizda qonunlarimizni chetlab o‘tayotgan fuqarolar ham yo‘q emas. Denov tumani “Z.M.Bobur” mahallasida yashovchi R.T, 2023 yil
4 iyun kuni X.Sning avtomashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan vaqti Boysun tumani “Shifobuloq” mahallasi hududida joylashgan “Darband” YPX maskanida IIB xodimlari tomonidan to‘xtatib tekshirilganda, ichki kiyimi ichida yashirin ravishda 66,04 gramm ko‘p miqdordagi “Opiy” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotish maqsadida olib ketayotganligi aniqlanib, undan ushbu giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.

Bundan tashqari, R.T yashash uyida giyohvandlik vositasi borligi haqidagi o‘zining ko‘rsatuviga asosan 2023 yil 4 iyun kuni Denov tumani G‘.G‘ulom ko‘chasida joylashgan yashash uyi ko‘zdan kechirilganda, hovlisining o‘tinxonasi shifida 6,43 gramm ko‘p miqdordagi “Opiy” giyohvandlik vositasini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamasdan qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.

Sud hay’ati, mazkur jinoyat ishi yuzasidan sudlanuvchi va guvohning ko‘rsatuvlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib, ishda mavjud bo‘lgan dalillarni tahlil qilib, R.Tni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 25,273-moddasi 5-qismi va 276-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan aybli deb topib, tayinlangan jazolarni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 10 (o‘n) yil 3 (uch) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Jinoyatga albatta jazo muqarar! Zero, jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga to‘sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek boshqa shaxslarni yangi jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida qo‘llaniladi.

 

A.Raxmatov,

Jinoyat ishlari Boysun tuman sudining raisi.

 

Izoh qoldirish

  • Hozir saytda
  • 1 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • So‘rov o‘tkazish
  • Sayt haqida firingiz?