Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Boysun tumani hokimligi
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar mazmun va mohiyati

Ma’lumki, bugungi kunda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning barchasi fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga ko‘maklashish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini mustahkamlashga qaratilgan.

Jumladan, O‘zbekiston Ruspublikasining 28.10.2022 yilda qabul qiligan hamda 30.04.2023 yilda kuchga kirgan Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi ham aynan shu maqsadlarga qaratilgan.

Yangi Mehnat kodeksida mikrofirmalardagi mehnatning alohida hususiyatlari va qoidalari nazarda tutilgan bo‘lib, bu normalar Kodeksning 504, 505 va 506-moddalarida ko‘rsatilgan.

Yangi Mehnat kodeksida mikrofirmalardagi mehnatning alohida hususiyatlari va qoidalari nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu normalar mikrofirmalar egalariga va rahbarlariga anchagina qulaylik beradi.

Birinchidan, mikrofirmalar uchun ba’zi bir ichki hujjatlarni tasdiqlash majburiy bo‘lmaydi. Misol uchun, mikrofirmalar ichki mehnat tartibi qoidalari, mehnatga haq to‘lash to‘g‘risidagi nizom, mukofotlash haqidagi nizom, smenalar jadvalini va boshqa shunga o‘xshash hujjatlardan to‘liq yoki qisman voz kechishga haqli.

Ikkinchidan, mikrofirmalar ishga qabul qilinayotgan shaxslar bilan o‘zaro kelishuv asosida muddatli mehnat shartnomalari tuzishlari mumkin, garchi bu shaxs bajaradigan ish va uning hususiyati muddatli xarakterga ega bo‘lmasa ham.

Uchinchidan, mikrofirma xodimning mehnat sharoitlarini o‘zgartirmoqchi va ish beruvchining boshqa joyga ko‘chishi munosabati bilan joyni o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, xodimni kamida 1 oy oldin yozma ravishda xabardor qilishi lozim bo‘ladi. Boshqa umumiy holatlarda va boshqa korxonalarda bu muddat kamida 2 oyni tashkil qiladi.

To‘rtinchidan, mikrofirma xodimi ish beruvchi bo‘lgan mikrofirmani 7 kalendar kun oldin yozma ravishda ogohlantirib, o‘z tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli bo‘ladi. Boshqa umumiy holatlarda bu muddat 14 kalendar kunni tashkil qiladi.

Beshinchidan, mehnat shartnomasini intizomiy jazo sifatida bekor qilishga asos bo‘ladigan mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzilishlar ro‘yhati xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida belgilab olinishi mumkin. Bilasiz, umumiy holatlarda bular korxonaning ichki mehnat tartibi qoidalari bilan belgilab olinadi.

Oltinchidan, mikrofirma raxbari o‘z xodimi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini Mehnat kodeksida nazarda tutilgan asoslardan tashqari mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha ham bekor qilishga haqli bo‘ladi. Masalan, mikrofirma xodimi bilan tuzilgan mehnat shartnomasida korxonaning og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolishi, yoki xodimning mehnatiga zarurat qolmaganligi kabi holatlarda mehnat shartnomasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu asoslar bilan bekor qilinishiga oid murakkab bo‘lmagan shartlar nazarda tutilishi mumkin bo‘ladi.

Yettinchidan, mikrofirma xodimini mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirish muddatlari, shuningdek mehnat shartnomasi bekor qilinganda to‘lanadigan ishdan bo‘shatish nafaqasini hamda boshqa kompensatsiya to‘lovlarini to‘lash hollari va miqdorlari bemalol mehnat shartnomasida belgilab olinishi mumkin. Bunday shartlar va bu kafolatlar agar mehnat shartnomasida ko‘rsatilmagan bo‘lsagina, Mehnat kodeksi hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilgan kafolatlar qo‘llanadi.

Shuningdek, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.

Ayolning homiladorligi davrida muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagan taqdirda, ish beruvchi ayolning yozma arizasiga binoan va homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etilgan taqdirda, mehnat shartnomasining amal qilish muddatini homiladorlik tugaguniga qadar, unga homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilgan taqdirda esa bunday ta’tilning oxiriga qadar uzaytirishi shart. Mehnat shartnomasi homiladorlikning oxiriga qadar uzaytirilgan ayol, ish beruvchining so‘roviga binoan, lekin uch oyda ko‘pi bilan bir marta homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etishi shart. Agar bunda ayol homiladorlik tugaganidan keyin haqiqatda ishlashni davom ettirsa, ish beruvchi homiladorlikning tugaganligi faktini bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran bir hafta ichida mehnat shartnomasini uning muddati tugaganligi sababli bekor qilishga haqli. Ayol bilan tuzilgan mehnat shartnomasining muddati tugaganligi munosabati bilan ushbu shartnomani uning homiladorligi davrida bekor qilishga, agar mehnat shartnomasi yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish vaqtiga tuzilgan bo‘lsa va homiladorlik tugaguniga qadar ayolni ish beruvchida uning sog‘lig‘i holati inobatga olingan holda bajara oladigan boshqa ishga ayolning yozma roziligi bilan o‘tkazish mumkin bo‘lmasa, yo‘l qo‘yiladi.

Ayolga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi. Homiladorlikva tug‘ish ta’tili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tug‘ruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat’i nazar, to‘liq beriladi.

 

 Fuqarolik ishlari bo‘yicha

  Boysun tuman sudi raisi:         Usarov Lochin Maxmudovich

  • Hozir saytda
  • 2 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • So‘rov o‘tkazish
  • Sayt haqida firingiz?