Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Boysun tumani hokimligi
Voyaga yetmagan farzandga aliment undirish uchun sudga ariza berish tartibi

Farzandlar kamoloti, ta’lim-tarbiyasi va ularni moddiy jihatdan ta’minlash barcha ota-onalarning zimmasidagi  majburiyatlardan biri hisoblanadi. Shu bois amaldagi qonunchilikda ham bolalarga g‘amxo‘rlik qilish ota-onalar zimmasidagi asosiy vazifa sifatida belgilab qo‘yilgan.

Xususan, Konstitutsiyamizning 64-moddasida ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalash uchun majburligi ko‘rsatilgan.

Bolalar sog‘lom va barkamol avlod sifatida voyaga yetishida ota-onalar  ma’sul va ular o‘zlarining voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalarini ijtimoiy ta’minlashga majbur bo‘lib, ushbu majburiyatni ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota-onadan aliment sudning hal qiluv qarori va sud buyrug‘i chiqarish orqali undiriladi.

Voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar ta’minoti uchun aliment undirish haqida sudga bolaning ota yoki onasi, vasiylik va homiylik organlari, vasiy yoki homiy shaxs, bolalar tarbiya muassasasalari ma’muriyati hamda prokuror, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida murojaat qilishi mumkin.

Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida sudga murojaat qilishi mumkin.

Bunday murojaatlar sud buyrug‘i berish to‘g‘risida ariza ko‘rinishida yoki da’vo ishlarini yuritish tartibida beriladi. Hatto ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ham ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi, agarda ota-onalik huquqidan mahrum qilinishida bolaga aliment undirish masalasi hal qilinmagan bo‘lsa, aliment undirish yuzasidan vakolatli shaxs da’vo ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Amaldagi qonunchilik bo‘yicha aliment undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarish to‘g‘risidagi ariza yoki da’vo ariza bolalarning qonun bilan qo‘riqlangan manfaatlari ustunligini hisobga olib, javobgar yashaydigan joy bo‘yicha ham yoki arizachi yoki da’vogar yashab turgan joy bo‘yicha ham berilishi mumkin.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha

Boysun tuman sudining raisi                                             

L.M.Usarov

Izoh qoldirish

  • Hozir saytda
  • 4 ta foydalanuvchi hozir saytda
  • So‘rov o‘tkazish
  • Sayt haqida firingiz?